Yangiliklar

image

BANK TIZIMI VA FOND BOZORI INVЕSTITSION JOZIBADORLIK NIMA BЕRADI?

BANK TIZIMI VA FOND BOZORI

INVЕSTITSION JOZIBADORLIK NIMA BЕRADI?

Bugungi jahon iqtisodiyoti global raqobatga asoslangan. Hech bir milliy iqtisodiyot o‘zini o‘zi ta’minlash orqali rivojlana olmaydi. Shu bois, bugun nafaqat tovar va xizmatlar, balki xorijiy investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha keskin raqobat kuzatilmoqda.

Mana shunday sharoitda hukumatlar biznes uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, xususan, mulk daxlsizligini ta’minlash, soliq yukini keskin kamaytirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, foydani erkin tasarruf etish borasida investorlarga yengilliklar taqdim etish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki faqatgina milliy investitsiyalar bilan muntazam o‘sib borayotgan ehtiyojlarni ta’minlash imkonsiz. Boshqa tomondan, milliy investorlar uchun yaratilgan yetarlicha shart-sharoitlar xorijiy sarmoyadorlarning ham qiziqishi ortishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining 2022 yil 16 noyabr kuni o‘tkazilgan birinchi yalpi majlisida ham aynan xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotimizga jalb qilish masalasi atroflicha muhokama etildi.

Prezidentimiz Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqida barcha sohalarda bo‘lgani kabi bank-moliya tizimida, jumladan, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, tarmoqda chet el banklarini, samarali fond bozorini shakllantirishga xorijlik investorlarni faol jalb qilish borasidagi ishlar, mavjud imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi.

Yalpi majlisda ta’kidlanganidek, zamonaviy iqtisodiyot drayveri bo‘lgan xususiy biznes taraqqiyoti bank-moliya sohasi rivoji bilan uzviy bog‘liq. Bunda xususiy biznes doimiy ravishda foydani maksimallashtirish maqsadida innovatsiyalarni keng joriy etishga intiladi. Innovatsiyalar uchun esa bank-moliya tizimi biznesni moliyalashtirishning o‘zaro manfaatli variantlarini taklif qila olishi lozim. Shunda iqtisodiyotning real va moliyaviy sektorlari kompleks rivojlanishining yanada jadallashuvini kutish mumkin.

Xususiy sektor davlat ishtirokiga nisbatan ancha samarali

Ayni vaqtda mamlakatimiz bank sektorida davlat ulushi yuqori. Mazkur holatda tijorat banklari investitsion faollik orqali yuqori iqtisodiy samaradorlikka erisha olmayapti. 2022 yil 9 oyi yakunlariga ko‘ra, davlat ulushi mavjud banklarning umumiy kapitali 60,3 trillion so‘mni tashkil etib, sof foydasi 3,9 trillion so‘mga yetgan. Natijada 2022 yilning uch choragi bo‘yicha davlat ishtirokidagi tijorat banklari kapital rentabelligi o‘rtacha 6,5 foiz bo‘lgan. Xususiy tijorat banklarida esa bu ko‘rsatkich 20,3 foizni tashkil etgan.

Shundan ham ko‘rish mumkinki, davlat biznesda aksariyat holatlarda muvaffaqiyatli faoliyat yurita olmaydi. Shu bois, mazkur sektorda xususiy investorlar, xususan, xorijiy sarmoyadorlarning ishtiroki nihoyatda muhim. Bank sektorida milliy va xorijiy investorlarning faolligi sohada sog‘lom raqobat muhiti shakllanishi, bu esa, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi. Chunki bu sohada ham xususiy sektor, ham xorijiy investorlarning faolligi tijorat banklarining innovatsion rivojini ta’minlaydi.

Mana shulardan kelib chiqib, Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida davlat ishtirokidagi tijorat banklarini xususiylashtirish kun tartibidagi dolzarb masala ekani yana bir bor ta’kidlandi. Buni davlat ulushini milliy fond bozorida ommaviy savdolarga qo‘yish orqali ham amalga oshirish mumkin. Faqat buning uchun tijorat banklarining investitsion jozibadorligini oshirish lozim bo‘ladi. Investitsion jozibadorlikni oshirish esa bir kunlik vazifa hamda bir kunda erishiladigan natija emas. Ayni vaqtda davom etayotgan raqamli transformatsiya jarayonida tijorat banklari, avvalo, nolikvid va daromad keltirmaydigan aktivlardan tezroq qutulishi, eng asosiysi, tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishi zarur. Boshqa tomondan, elektron platforma orqali raqamli bank xizmatlarini kengaytirish va operatsion xarajatlarini kamaytirish natijasida foydani maksimallashtirishga intilishi, pirovardida, aksiyadorlarga inflyatsiyadan yuqori bozor daromadliligi asosida muntazam dividendlar to‘lashga o‘tishi shart.

Bu yo‘nalishda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026 yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarish ustuvor maqsadi mustahkamlangan.

Fond bozori – bank sektori rivojining muhim omili

Xorijiy investorlar kengashi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan yana bir muhim vazifa — samarali fond bozorini shakllantirish masalasi ko‘tarildi. Aynan fond bozorini kuchaytirish istiqbolda tijorat banklari faoliyati rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki iqtisodiyotni moliyalashtirishda kredit va fond bozorlari o‘rtasida keskin raqobat yuzaga kelishi har ikkala sohaning raqobatda ustunlikka intilishi orqali rivojlanishni ta’minlaydi. Bundan esa milliy ishlab chiqaruvchi, kapital zarur bo‘lgan tomon arzon kapital jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bois, iqtisodiyotni moliyalashtirish nuqtai nazaridan moliya bozorining birja modelini tanlagan mamlakatlarda bank tizimi ham yuqori darajada rivojlangan. Yoki aksincha, iqtisodiyotni bank vositasida moliyalashtiruvchi mamlakatlarda ham fond birjalari to‘liq raqobatchi sifatida rivojlanganini ko‘rish mumkin.

Yurtimizda ayni vaqtda iqtisodiyotda davlat ishtiroki yuqoriligi emitentlarning fond bozoridagi faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni yanada chuqurlashtirish asosiy maqsadlardan biri sifatida tilga olindi.

Qayd etish kerakki, strategik ahamiyatga ega korxonalarni aniq belgilagan holda ularda davlat ishtirokini saqlab qolish lozim. Shuningdek, yuqori rentabelli davlat ishtirokidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish va ulardagi davlat aksiya paketini fond bozoriga olib chiqish maqsadga muvofiq. Mazkur amaliyotda (bitta aksiya bitta lot tartibida) aksiyalar soni bo‘yicha sotib olish mumkin bo‘lgan yuqori chegarani belgilash orqali ommaviy savdolar tashkil etish keng miqyosda aholining ham fond bozoriga jalb qilinishiga imkon beradi. Bu orqali yuqori talabni yuzaga keltirish mumkin, bu esa, o‘z navbatida, xususiylashtirish bahosi oshishiga ham xizmat qiladi.

Xuddi shunday amaliyotni aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlat egaligidagi aksiya paketlari bo‘yicha ham qo‘llash lozim. Bu sof korporativ boshqaruv rivojlanishi tufayli aholida mulkdorga aylanish va daromadlarini oshirib borish, pirovardida, farovonlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Fond bozori rivojlanishida xususiy korporativ emitentlar faolligi nihoyatda muhim. Buning uchun esa ular yiriklashib borishi lozim. O‘zbekistonda biznesning mikrobiznes, kichik biznes va o‘rta biznes toifalari joriy etilayotgani ahamiyatli, albatta. Aynan mazkur toifalar orqali biznes subyektlari yiriklashib boradi va istiqbolda global raqobatga kirisha oladi.

Boshqa tomondan, biznesning yiriklashuvi nuqtai nazaridan mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning aksiyadorlik jamiyatlariga aylanishi ham muhim. Garchi aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitaliga minimal talab bekor qilingan, korporativ boshqaruvning murakkab tuzilmasi soddalashtirilayotgan bo‘lsa-da, amaliyotda mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning aksiyadorlik jamiyatiga aylanishi so‘nggi yillarda deyarli kuzatilmayapti. Bunga aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish kabi talablarning joriy qilingani salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Chunki yangi tashkil etilgan yoki tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish orqali tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlari oldiga hisobotlar transformatsiyasi kabi murakkab talablar qo‘yilishi ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘lmoqda. Bu jihat o‘z-o‘zidan yangi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etilishi va fond bozori rivojini sustlashtiradi. Xalqaro moliya bozoriga chiqish vaqtidagina moliyaviy hisobotlar transformatsiyasi biznes uchun ko‘proq natija keltiradi. Demak, soddalashtirilayotgan tizimda bu jihatlarni ham inobatga olib, zarur choralarni belgilash kerak bo‘ladi.

Fond bozori shunday ustunlikka egaki, u orqali xorijiy investorlar o‘z mamlakatini tark etmasdan turib, boshqa davlatlardagi biznes subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish imkoniyatiga ega. Demak, bu bozor investitsiyalarni o‘zlashtirish borasida chegarasiz, shu bilan birga, katta qulaylik taqdim etuvchi maydondir.

Lekin yurtimizdagi fond birjalari orqali bu amaliyotni amalga oshirish imkoniyatlari nihoyatda chegaralangan. Chunki xorijiy va milliy investorlarning masofadan turib brokerlik hisobraqamlari ochish va fond bozori orqali aksiyadorlik jamiyatlariga investitsiya kiritish imkoniyatlari hali taqdim etilmagan. Yaqin istiqbolda mazkur masalani ijobiy hal qilish bu borada qo‘yilgan maqsadlarimizga erishishda muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

Bugungi kunda jahondagi tendensiya ko‘rsatmoqdaki, xorijiy fond birjalarida moliyaviy instrumentlarning yuzlab turlari amal qilmoqda. Toshkent respublika fond birjasida esa oddiy va imtiyozli aksiyalar hamda qisman korporativ obligatsiyalar joylashtirilgan. Jahon iqtisodiyotida iqlim o‘zgarishlaridan kelib chiqqan holda, global yashil taraqqiyotga intilish nuqtai nazaridan so‘nggi yillarda yashil obligatsiyalarni ham muomalaga chiqarish, joylashtirish va jalb qilingan kapitalni yashil loyihalarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yalpi majlisda mana shu jihatlardan kelib chiqib, O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ni “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi. Bu borada Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha, qator tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha “yashil” kreditlar taklif qilinayotgani e’tiborga molik, albatta. Mamlakatimizda ularga qo‘shimcha ravishda “yashil” obligatsiyalarni muomalaga chiqarish va joylashtirish infratuzilma va atrof-muhit bilan bog‘liq qator loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyatiga ega. “Yashil” obligatsiyalarning ham davlat, ham korporativ emitentlar tomonidan muomalaga chiqarilishi istiqbolda fond bozori instrumentlarining ortib borishiga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, bank tizimi va fond bozorini o‘zaro uzviy holda rivojlantirish yaqin istiqbolda global raqobatbardoshlik o‘sishi va iqtisodiy taraqqiyot jadallashuvini ta’minlaydi. Bu jarayonda xorijiy investorlar faolligini oshirish esa samaradorlikni yanada yuksaltiradi.

Samariddin ELMIRZAYEV,

Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor